Ilmiy seminar bo'lib o'tdi

Ilmiy seminar bo'lib o'tdi

 2026-yil 11-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida zamonaviy ilm-fan, innovatsion biotexnologiyalar va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
 Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) mutaxassislari ishtirok etdilar.
 Seminar davomida quyidagi ilmiy ma’ruzalar tinglandi:
Narges Samanian (ISCAD) — “Machine Learning and Deep Learning at ISCAD: From Agrifood Data to Genetics: Opportunities for Collaboration” mavzusida ma’ruza qilib, sun’iy intellekt, mashinaviy va chuqur o‘rganish texnologiyalarining genetika hamda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlaridagi imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
 Dilfuza Egamberdiyeva (ISCAD direktor o‘rinbosari) — “Integrated Research on Microbiomes, Biotechnology and Food Safety” mavzusidagi ma’ruzasida mikrobiomlar, zamonaviy biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda kompleks ilmiy yondashuvlarning ahamiyatini yoritib berdi.
 SEMINARNING MUHIM NATIJASI — HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI!
Tadbir doirasida Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti hamda ISCAD o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ikki tashkilot o‘rtasida ilmiy aloqalarni mustahkamlash, genetika, molekulyar biologiya, mikrobiologiya, biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy tajriba almashish hamda innovatsion tashabbuslarni ilgari surish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
 Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan fikr almashib, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
 Tadbir yakunida ma’ruzachilarga ilmiy bilim va tajribalarini ulashgani, samarali hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun institut rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar taqdim etildi.
Ushbu ilmiy uchrashuv va imzolangan memorandum fundamental tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish, fanlararo integratsiyani kuchaytirish hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

2026-11-11 18