“IQLIM O‘ZGARISHI SHAROITIDA BIOLOGIK VA GENETIK XILMA-XILLIKNI SAQLASH, BARQAROR FOYDALANISH VA INNOVATSION YONDASHUVLAR” MAVZUSIDAGI ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA TEZISLARI TO‘PLAMI TAYYORLANDI
2026-yil 29-oktabr kuni o‘tkazilgan “Iqlim o‘zgarishi sharoitida biologik va genetik xilma-xillikni saqlash, barqaror foydalanish va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya materiallari asosida tezislar to‘plami tayyorlandi.
Mazkur konferensiya iqlim o‘zgarishi sharoitida biologik va genetik xilma-xillikni saqlash, genetik resurslardan samarali foydalanish, zamonaviy seleksiya va biotexnologiya yutuqlarini ilmiy tadqiqotlarga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlandi.
Tezislar to‘plamidan quyidagi beshta asosiy ilmiy sho‘ba yo‘nalishi bo‘yicha taqdim etilgan ilmiy tadqiqotlar o‘rin olgan:
1. O‘simliklar genetik resurslari, zamonaviy seleksiya va urug‘chilik
G‘o‘za, g‘alla, dukkakli va boshqa ekinlar genofondini saqlash, qurg‘oqchilik, sho‘r va issiqlik stresslariga chidamli yangi navlar yaratish, turlararo duragaylash, poliploidiya va birlamchi urug‘chilik tizimlari.
2. Chorvachilik va akvakulturada genetik xilma-xillik hamda naslchilik
Qishloq xo‘jalik hayvonlari va baliqlarning genetik resurslarini asrash, issiqlik va iqlimiy stress sharoitida ularning mahsuldorligi va chidamliligini oshirish, zamonaviy naslchilik-seleksiya usullari.
3. Mikroorganizmlar xilma-xilligi, fitopatologiya va agrotsizimlarni biologik himoyalash
Foydali rizobakteriyalar, endofitlar va fitopatogen mikroorganizmlar kolleksiyalari, kasallik qo‘zg‘atuvchilar virulentligi dinamikasi, biologik himoya vositalari va bioo‘g‘itlar yaratish.
4. Molekulyar genetika, genomika, bioinformatika va zamonaviy biotexnologiya
O‘simlik, hayvon va mikroorganizmlar genomini tahlil qilish, DNK-markerlar (MAS), genlar ekspressiyasi, genetik muhandislik, CRISPR/Cas texnologiyalari hamda mikrob asosidagi nanobiomateriallar sintezi.
5. Ekologik muvozanat, innovatsion agrotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi
O‘simlik va hayvonlar moslanuvchanligining fiziologik, biokimyoviy va epigenetik asoslari, sho‘rlangan va suvsiz hududlarda organik hamda resurs tejovchi texnologiyalar, ilmiy ishlanmalarni klaster va agroxo‘jaliklarga joriy etish.
Mazkur to‘plam olimlar, ilmiy xodimlar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy tajriba almashish, yangi tadqiqot natijalari bilan tanishish hamda istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.



