O’zRFA Genetika va O’EB instituti direktori professor A.A.Narimanov konferensiyada ishtirok etdi

O’zRFA Genetika va O’EB instituti direktori professor A.A.Narimanov konferensiyada ishtirok etdi

O’zRFA Genetika va O’EB instituti direktori professor A.A.Narimanov 2026-yil 26–27-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida Xitoy–Markaziy Osiyo milliy ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari o‘rtasidagi Muloqot mexanizmining birinchi yig‘ilishida ishtirok etildi. Mazkur xalqaro tadbir Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti tomonidan 9-Xitoy–Yevroosiyo EXPO doirasida tashkil etildi. Konferensiyada Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlatidan 120 nafardan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar va mutaxassislar ishtirok etib, mintaqaviy ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Yig‘ilish davomida Shinjon ekologiya va geografiya instituti direktori Zhang Yuanming Muloqot mexanizmining 2023-yilda tashkil etilganidan buyon amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisobot taqdim etdi. Unda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, ilmiy almashinuvlarni kengaytirish, qo‘shma grantlar va ilmiy dasturlarni amalga oshirish hamda yosh olimlarni tayyorlash borasida erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

 

Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti direktori professor A.A. Narimanov Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari ilmiy muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda genetika, genomika, o‘simliklar seleksiyasi, bioxilma-xillikni saqlash, qurg‘oqchil hududlar ekologiyasi, fitopatologiya hamda zamonaviy biotexnologiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlarda birgalikda ishtirok etish, doktorantlar va yosh olimlar almashinuvi masalalari muhokama qilindi.

Xizmat safari davomida delegatsiya Shinjon ekologiya va geografiya institutining ilmiy laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Laboratoriyalarda ekologik monitoring, biologik xilma-xillikni saqlash, qurg‘oqchil hududlar ekologiyasi, molekulyar biologiya, genomika hamda zamonaviy ilmiy uskunalar asosida olib borilayotgan tadqiqotlar o‘rganildi. Mazkur tashrif kelgusida laboratoriyalar o‘rtasida qo‘shma ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashinuvini kengaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

2026-06-27 11